O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan "Til yashasa, millat yashaydi" respublika tanlovi doirasida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida shoirlar Salim Ashur va Sirojiddin Rauf, shuningdek, uyushmaning boshqa vakillari Akademiya kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, professor-o‘qituvchilar va tinglovchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.
Yozuvchilar uyushmasi nomidan Akademiya kutubxonasiga 50 nomdagi badiiy adabiyotlar taqdim etildi. Ular orasida o‘zbek va jahon klassiklari asarlari, zamonaviy badiiy, falsafiy va ilmiy adabiyotlar, shuningdek, jahon adabiyoti namunalari o‘rin olgan.
Akademiya rahbariyati O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasiga ma’naviy-ma’rifiy hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik izhor etib, kelgusida adabiy va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Mazkur tashabbus Akademiyada ma’naviy muhitni yanada boyitish, xodimlar va tinglovchilarning intellektual hamda axloqiy salohiyatini yuksaltirish, shuningdek, ona tili va milliy qadriyatlarga hurmat ruhini mustahkamlashga xizmat qiladi.