“Til yashasa, millat yashaydi!” mavzusida respublika tanlovi bo‘lib o‘tdi

“Til yashasa, millat yashaydi!” mavzusida respublika tanlovi bo‘lib o‘tdi


2025-yilning sentyabr-oktyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari o‘rtasida “Til yashasa, millat yashaydi!” mavzusida respublika tanlovi o‘tkazildi.

Tanlov ikki bosqichdan iborat bo‘lib, unda dastlab hududiy bosqichda “Tizimli tahliliy ish”, “Savodxonlik” hamda “She’riyat” yo‘nalishlari bo‘yicha  g‘olib bo‘lgan 100 nafardan ortiq ishtirokchi yakuniy respublika bosqichida bellashdilar.

Tanlovning barcha bosqichlarida ishtirokchilar taniqli yozuvchi va shoirlar, filologlar, adabiyotshunoslar va boshqa mutaxassislardan iborat hakamlar hayati tomonidan baholandilar.

Tanlovning “Tizimli-tahliliy ish” yo‘nalishi bo‘yicha dastlabki bosqichda g‘olib deb topilgan ishtirokchilar yakuniy bosqichda tahliliy ishni yozishda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya yetilishi holati va ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali usullari, davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish yo‘llari va choralari, davlat tilining nufuzi va obro‘sini yanada oshirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirishdi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha sovrinli o‘rinlar bilan bir qatorda “An’anaviy vaziyat va noan’anaviy yechim” nominatsiyasi g‘olibi ham aniqlandi.

“Savodxonlik” yo‘nalishining dastlabki bosqichida nomzodlar o‘zbek adabiy tili me’yorlari va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi doirasida test savollarini yechishlari, yakuniy bosqichda esa yozma ish (diktant) yozishlari belgilangan bo‘lib,  “Eng chiroyli husnixat” nominatsiyasi sohibi aniqlandi.

“She’riyat” yo‘nalishi bo‘yicha tanlovning dastlabki bosqichida nomzodlar “Vatan”, “O‘zbek tili”, “Kasb” kabi mavzularda o‘zlari tanlagan she’riy matnni yoki muallifligidagi she’rni ifodali aytib berdilar. Yakuniy bosqichda esa ishtirokchilar yuqoridagi mavzular doirasida Hay’at tomonidan oldindan taqdim etilgan she’riy matnni ifodali o‘qib, uning mazmunini tahlil qilib berishlari lozim edi. “She’riyat” yo‘nalishida 1, 2 va 3-o‘rin g‘oliblari bilan bir qatorda “Eng jozibali she’riy ifoda” nominatsiyasi sohibi aniqlandi.

Yakuniy bosqich natijalariga ko‘ra, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar va nominatsiya sohibi bo‘lgan xodimlar diplomlar, sovg‘a va boshqa rag‘batlantirish turlari bilan taqdirlanadilar.