O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalarining o‘quv-tanishuv tashrifi

O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalarining o‘quv-tanishuv tashrifi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Yurisprudensiya” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari uchun o‘quv-tanishuv tashrifi tashkil etildi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, yuridik mutaxassislikni tanlagan talabalarda bo‘lajak kasbiga bo‘lgan qiziqishni oshirishdan iborat.

Uchrashuv davomida mehmonlar Akademiyaning tarixi, vazifalari, ta’lim jarayoni, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda ixtisoslashgan tarkibiy bo‘linmalari faoliyati bilan tanishdilar. Akademiya rahbariyati talabalarga huquqni muhofaza qilish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy yondashuvlar va sohaga oid dolzarb masalalar haqida ma’lumot berdi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, malakali mutaxassislardan atroflicha javoblar oldilar. Shuningdek, Akademiyaning o‘quv-amaliyot binolari bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.

Bunday tashriflar yoshlarda huquqiy bilimlarni chuqurlashtirish, ularni milliy qonunchilikka hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.