Korrupsiyaga qarshi kurashish va jinoiy aktivlarni qaytarish sohasida tajriba almashish maqsadida YEXHT ko‘magida Moldova Respublikasiga xizmat safari tashkil etildi.
Tashrif doirasida Akademiya xodimlari Moldova Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy markazi hamda Jinoiy aktivlarni qaytarish agentligi (CARA) faoliyati bilan atroflicha tanishdilar.
Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy markazi va Jinoiy aktivlarni qaytarish agentligi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Moldova Respublikasida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish, halollik madaniyatini shakllantirish, korrupsiya holatlari bo‘yicha tezkor-tekshiruv tadbirlarini amalga oshirish, korrupsiya tendensiyalarini tahlil qilish, shuningdek manfaatlar to‘qnashuvi va daromadlarni deklaratsiya qilish bilan bog‘liq masalalar atroflicha o‘rganildi.
Shu bilan birga, moldovalik mutaxassislarga mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Akademiyaning mazkur yo‘nalishdagi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.