O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallarining ikki jildli to‘plami nashr etildi.
Mazkur to‘plamda ta’lim, fan va amaliyotning integratsiyasi, ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishdagi korrupsiya va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, yuridik sohada ilmiy ishlar tayyorlashda sun’iy intellektdan foydalanish, yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotida yagona yondashuvni joriy etish, inson huquqlari sohasida ta’limni amalga oshirishning xalqaro-huquqiy asoslari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish masalalari keng yoritilgan.
Shuningdek, to‘plamda yuridik fanning turli yo‘nalishlariga oid boshqa dolzarb muammolar hamda ular bo‘yicha to‘plangan ilmiy va amaliy tajribalar tahlil etilgan.
To‘plamda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining yetakchi yuridik ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari, yurtimizning taniqli huquqshunos olimlari, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va yosh tadqiqotchilarning ilmiy maqolalari hamda tezislari joy olgan.