Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IHRT) bilan hamkorlikda “O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishga ko'maklashish” dasturi ishga tushirilishi munosabati bilan xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Mazkur dastur O'zbekistonning korrupsion jinoyatlarni samarali tergov qilish bo'yicha huquqiy va institutsional salohiyatini mustahkamlash hamda Korrupsiyaga qarshi kurashning Istambul harakatlar rejasi ijrosini kengaytirishga qaratilgan bo'lib, AQShning Narkotiklar va huquqni muxofaza qilish faoliyatining xalqaro jihatlari bo'yicha byurosi ko'magida moliyalashtiriladi.
Xalqaro konferentsiyada AQSH elchixonasining vaqtinchalik ishonchli vakili Alan Melttser, AQShning Narkotiklar va huquqni muxofaza qilish faoliyatining xalqaro jihatlari bo'yicha byurosi Markaziy Osiyo bo'yicha katta maslahatchisi Djeyms Kallaxan, IHRT moliya va tadbirkorlik bo'yicha direktorati direktori o'rinbosari Matil`da Mesnard, IHRT Antikorrupsion tarmog'i kotibiyati vakillari, xalqaro ekspertlar shuningdek, O'zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari xodimlari ishtirok etishdi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o'rinbosari E.Tadjiev tadbir ishtirokchilariga tabrik bilan murojaat qilar ekan, korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va antikorrupsion choralarning samaradorligini oshirish 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan biri ekanligini ta'kidlab o'tdi.
Konferensiya davomida zamonaviy mexanizmlarni joriy etish bo'yicha xalqaro tajriba namoyish etildi hamda O'zbekistondagi antikorruptsion islohotlar, Bosh prokuratura Akademiyasining huquqni muhofaza qiluvchi organlar salohiyatini oshirishdagi roli, IHRT Antikorrupsion tarmog'i va O'zbekistonning global munosabatlar strategiyasi ko'rib chiqildi.
Konferensiya barcha ishtirokchilarda jiddiy qiziqish uyg'otdi. Davlat organlari vakillari va boshqa qatnashchilar antikorrupsion choralarni amalga oshirish bo'yicha ilg'or tajribalar bilan tanishishdi.