Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “TED Talks” motivatsion nutqlar tanlovi bo‘lib o‘tdi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “TED Talks” motivatsion nutqlar tanlovi bo‘lib o‘tdi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “TED Talks” motivatsion nutqlar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tanlovda bakalavriatning 2–3-bosqich talabalari ishtirok etdi. Tadbirning maqsadi – talabalarda omma oldida so‘zlash, liderlik qobiliyatlarini va boshqalarni ilhomlantirish mahoratini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Tanlov ishtirokchilari o‘z nutqlarida shaxsiy rivojlanish, maqsadga intilish, Vatanga xizmat qilish va huquqni muhofaza qilish tizimi xodimiga xos ma’naviy qadriyatlar haqida so‘z yuritdilar.

Tadbirda 1-bosqich talabalari tomoshabin sifatida ishtirok etishdi. Ular uchun mazkur tanlov nafaqat ilhom manbai, balki yuqori kurs talabalari tajribasidan o‘rnak olish imkoniyati ham bo‘ldi.

Tadbirda Akademiya rahbariyati, hakamlar hay’ati a’zolari, shuningdek Talabalar kengashi raisi va koordinatorlar ishtirok etdilar. Ular ishtirokchilarning yuksak darajadagi tayyorgarligini, nutqlaridagi samimiylik va ta’sirchanlikni alohida ta’kidlab, bunday tashabbuslar talabalarning faol fuqarolik pozitsiyasi va omma oldida so‘zlash madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

Tadbir ilhom, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va o‘z ustida ishlash ruhida o‘tdi hamda Akademiyada talabalarning faolligi va tashabbuskorligini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.