Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistratura tinglovchilari uchun loyiha boshqaruvining asosiy kursi bo‘yicha interaktiv seminar-trening tashkil etdi.
Tadbir Akademiyaning ta’lim tizimida zamonaviy boshqaruv kompetensiyalarini shakllantirish, loyihaviy yondashuvni ilmiy va amaliy faoliyatga tatbiq etishga qaratilgan tashabbuslari doirasida o‘tkazilmoqda.
Seminarning asosiy maqsadi magistrantlarda tizimli va tahliliy tafakkurni rivojlantirish, jamoada ishlash hamda noaniq vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek ularni ilmiy-tadqiqot va xalqaro grant dasturlarida ishtirok etishga tayyorlashdan iborat.
Tadbir davomida ishtirokchilar loyiha boshqaruvining nazariy va amaliy jihatlarini chuqur o‘rganishadi, rejalashtirish va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zamonaviy usullarni o‘zlashtiradilar. Interaktiv va amaliyotga asoslangan o‘quv usullari magistrantlarga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, shaxsiy mini-loyihalarni ishlab chiqish va taqdim etish imkonini beradi.
Seminar natijasida tinglovchilar loyiha siklining barcha bosqichlarini puxta o‘zlashtirib, resurslardan samarali foydalanish, jamoada hamkorlik qilish va g‘oyalarni asosli tarzda taqdim etish ko‘nikmalarini hosil qiladilar. Bu esa ularning kasbiy va ilmiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.