Akademiyada adabiy-she’riy uchrashuv: avlodlar muloqoti va yosh kitobxonlar uchun ilhom manbai

Akademiyada adabiy-she’riy uchrashuv: avlodlar muloqoti va yosh kitobxonlar uchun ilhom manbai


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida talabalarning kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ijodiy fikrlashini rag‘batlantirish va milliy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish maqsadida adabiy-she’riy uchrashuv tashkil etildi.

Tadbir mehmonlari sifatida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid hamda shoira Ma’mura Zaxidova ishtirok etdilar.

Uchrashuvni Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari Sh.Mustafayev ochib berib, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar yosh avlodning dunyoqarashini boyitishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shoir G‘ayrat Majid uchrashuv davomida o‘z ijodiy safari, asarlarining g‘oyaviy yo‘nalishlari va ilhom manbalari haqida qiziqarli fikrlar bilan o‘rtoqlashdi. Shoira Ma’mura Zaxidova esa o‘z she’rlarini o‘qib, yoshlarni ona tilini ardoqlashga, milliy qadriyatlar va ma’naviy merosga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chorladi.

Uchrashuv jonli muloqot ruhida o‘tdi: talabalar faol savollar yo‘llab, adabiyot, ijod va ma’naviyat mavzulari yuzasidan qizg‘in fikr almashdilar. Eng mazmunli savollar mualliflari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan badiiy kitoblar bilan taqdirlandi.