Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganligining uch yilligiga bag‘ishlangan akademik dekada doirasida tadbirlar davom etmoqda.
Dekada doirasida qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yirik xalqaro, ta’lim va ilmiy-amaliy tadbirlar turkumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti kiberlaboratoriyasi negizida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi Mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Raqamli kriminalistika asoslari” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ekspert-kriminalistika bo‘linmalari xodimlari uchun raqamli kriminalistika bo‘yicha o‘quv kursi tashkil etildi.
Kursning ochilish marosimida AQSH Narkotiklar aylanmasiga qarshi kurash va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlik boshqarmasi (INL), BMT Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC)ning mintaqaviy vakolatxonasi, IIV Bosh ekspert-kriminalistika markazi vakillari hamda Akademiya rahbariyati ishtirok etdi.
O‘quv kursi kiberjinoyatlarni tergov qilishda raqamli kriminalistika tamoyillari va amaliyotini fundamental hamda amaliy tushunishni rivojlantirishga qaratilgan.
Mazkur kurs doirasida raqamli kriminalistika: ma’lumotlarni vizuallashtirish va xeshlash, mobil qurilmalarni tadqiq qilish, tarmoq trafigini tahlil qilish, serverlar, virtuallashtirish tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan ishlash, tergov uchun ahamiyatli ma’lumotlarni ochiq manbalar orqali aniqlash va to‘plash (OSINT) kabi mavzularda nazariy va amaliy dars mashg‘ulotlari o‘tkazilishi belgilangan.
Ushbu o‘quv kursi natijasida ishtirokchilar raqamli kriminalistika asoslarini o‘zlashtirish orqali kiberjinoyatlarga qarshi samarali tergov olib borish uchun zarur bo‘lgan nazariy va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Bu esa, ularning professional malakasi va kiberjinoyatlarga qarshi kurashishdagi samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi.