Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Akademiya tashkil etilganining uch yilligiga bag‘ishlangan akademik dekada tadbirlari davom etmoqda.
Dekada doirasida qator yirik xalqaro, ta’lim va ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining kasbiy kompetensiyasini rivojlantirish, zamonaviy chaqiriqlarga qarshi kurashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgandir.
Dekadaning navbatdagi tadbiri sifatida Akademiya talabalari uchun Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan “Raqamli kriminalistika imkoniyatlari” mavzusidagi ko‘rgazma tashkil etildi.
Tadbir raqamli dalillarni qidirish, to‘plash, saqlash va tahlil qilish sohasidagi zamonaviy usullar va vositalarni namoyish etish maqsadida o‘tkazildi.
Ko‘rgazma davomida talabalarga jinoyatlar, kiberjinoyatlar va internet-xavfsizlikni ta’minlash jarayonida raqamli dalillarni aniqlash, topish va qo‘llashda qo‘llaniladigan zamonaviy usullar, yuqori texnologik uskunalar, qurilmalar va dasturiy ta’minot haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ushbu tadbir orqali talabalar raqamli dalillarni to‘plash, tahlil qilish va saqlash, shuningdek, kiberjinoyatchilik va internet-xavfsizlik sohasida zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.