Joriy yilning 13-14 dekabr kunlari International Hotel Tashkent mehmonxonasida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag'ishlangan haftalik media-marafon doirasida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha idorasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMT TD), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), “Regional Dialog” XNDT bilan hamkorlikda “O'zbekiston Respublikasining 2018 yil korrupsiyaga qarshi islohotlari: yutuqlar va ustuvorliklar” mavzusida xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi.
Tadbirda BMTning O'zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha idorasi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal, YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig'i Yevgeniy Kolenko so'zga chiqdi.
Xalqaro ekspertlar Anga Timilsin (BMT TD global Dasturining korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha maslahatchisi), Aida Arutyunova (Dastur menedjeri), Irakli Kotetishvili (BMT TD Global dasturining korruptsiyaga qarshi kurash bo'yicha vakili), Yaroslav Strelchenok (YEXHT eksperti), Konstantin Polikarski (BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha idorasi eksperti) va Goran Klemenchich (“Regional dialog” XNDT eksperti) bilan birga O'zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari vakillari korrupsiyaga aloqador turli mavzular doirasida muhokamalar olib bordilar.
Anjuman yakunida ishtirokchilar O'zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha islohotlarini rivojlantirishga qaratilgan kelgusidagi hamkorlik aloqalarini belgilab oldilar.