Akademik dekada doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi

Akademik dekada doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil topganining uch yilligi munosabati bilan Akademiyada akademik dekada tadbirlari izchil davom etmoqda. Ushbu dekada doirasida talabalarning ilmiy-salohiyati va intellektual faolligini oshirishga qaratilgan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Shu kabi tadbirlardan biri sifatida bakalavriat talabalari va magistratura tinglovchilari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Mazkur tadbirda “Zakovat” intellektual klubining vakili R.Burxonov  maxsus mehmon sifatida ishtirok etdi.

Intellektual bellashuvda jami 16 ta jamoa faol ishtirok etib, o‘zining bilim darajasi, mantiqiy fikrlash qobiliyati va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini namoyish etdi. Bellashuv yuqori ruhda, kurash va bilimga intilish muhitida o‘tdi.

Bellashuv yakunlariga ko‘ra, g‘olib jamoalar Akademiya rahbariyati tomonidan qimmatbaho sovg‘alar, diplomlar va maxsus kubok bilan taqdirlandi.

Akademik dekada doirasida o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar talabalarning intellektual salohiyatini oshirish, jamoaviy ishlash malakalarini mustahkamlash va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qiladi.