O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining 3 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya doirasida “Raqamli davrda huquqni muhofaza qilish sohasida ta’lim va fan: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusidagi parallel sessiya bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishida 10 dan ortiq davlatlardan 20 ga yaqin xalqaro ekspertlar, nufuzli xorijiy va xalqaro tashkilotlar – BMT, YEXHT, Yevropa Ittifoqi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, YUNESKO, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi va boshqa tuzilmalar vakillari, shuningdek, akademik hamjamiyat va huquqni muhofaza organlari mutaxassislari ishtirok etdilar.
Tadbirni Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor Ye.V.Kolenko ochib berdi. U o‘z ma’ruzasida Akademiyaning raqamli davrda kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashib, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy-ta’lim salohiyatini mustahkamlashning muhim ahamiyatini ta’kidladi.
Sessiyaning asosiy maqsadi raqamli davrda huquqni muhofaza qilish sohasida ta’lim va ilm-fanning dolzarb o‘rnini chuqur tahlil qilish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni muhokama etish va zamonaviy raqamli tahdidlar hamda imkoniyatlarga to‘g‘ri yechimlar topishdan iborat bo‘ldi. Shunga muvofiq, xalqaro tajriba almashish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini mustahkamlash, elektron ta’lim platformalari, masofaviy o‘qitish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish kabi masalalar sessiya markazida bo‘ldi.
Tadbirda bir qator mamlakatlarning yetakchi mutaxassislari o‘z tajriba va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar. Xususan, Qirg‘iziston Respublikasi Yuridik akademiyasi rahbari A.Turganbayev hamda Qozog‘iston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi rektori N.Abdirov prokuror kadrlarini tayyorlashda raqamli modellar va transformatsiya jarayonlari haqida ma’lumot berdilar. Anqara Yildirim Bayazit universiteti professori, Turkiya–O‘zbekiston huquqiy tadqiqotlar markazi direktori S.Tatar, Qozog‘iston huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi professori A.Tapenova hamda O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi vakili M.Tillaboyev sun’iy intellekt texnologiyalarini huquqni muhofaza organlari xodimlarini tayyorlash tizimiga integratsiya qilishning dolzarb jihatlarini yoritdilar.
Shuningdek, ta’lim jarayonida etik komplayens, qadriyatlarga asoslangan yondashuv va huquqni muhofaza qilish pedagogikasini takomillashtirish masalalari muhokama etildi. Shvetsiyaning Lund universiteti professori P.Olsson huquqni muhofaza qilish ta’lim tizimida qadriyatlar va etik mezonlarning ahamiyati haqida fikr bildirdi. Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasining bosh yuridik maslahatchisi Sh.Muzaffer esa yangi tahdidlarga tayyor kadrlar tayyorlash zarurligini ta’kidladi. Portugaliyaning Koimbra universiteti qoshidagi Falsafa tadqiqotlari instituti muhaqqiqi G.Segalerba yuridik ta’lim, liberal qadriyatlar va shaxsiy rivojlanish o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.
Ma’ruzalarda shuningdek korrupsiyaga qarshi ta’limning ahamiyati, inson huquqlari bo‘yicha ta’limni rivojlantirish istiqbollari, yuridik tadqiqotlardagi zamonaviy tendensiyalar, yuridik ta’limning xalqaro standartlari, malakalarni o‘zaro tan olish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari kabi masalalar ham alohida o‘rin tutdi.
Sessiya yakunida ta’lim va fanning huquqni muhofaza qilish sohasidagi o‘rni, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari, kadrlar tayyorlashning kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Xalqaro ekspertlar tomonidan ilgari surilgan takliflar asosida sohani takomillashtirishga doir amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi kutilmoqda. Ishtirokchilar o‘rtasida o‘rnatilgan yangicha xalqaro aloqalar esa kelgusida qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi.
Konferensiya doirasida Akademiya kampusi bilan tanishuv va bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi. Sessiya materiallari va yakunlari maxsus to‘plam shaklida chop etilishi rejal