“Qalqon”: Akademiya jamoasi poytaxt OTMlari orasida eng kuchli deb topildi

“Qalqon”: Akademiya jamoasi poytaxt OTMlari orasida eng kuchli deb topildi


«Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!» shiori ostida Toshkent shahrida poytaxtning to‘qqizta oliy ta’lim muassasasi jamoalari o‘rtasida “Qalqon” sport turniri bo‘lib o‘tdi.

Mazkur musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, jismoniy tayyorgarlikni mustahkamlash hamda talaba-yoshlar ongiga Konstitutsiya qadriyatlarini singdirishdan iborat bo‘ldi.

Musobaqa Nizomi talablariga muvofiq, ishtirokchilar turnikda mashq bajarish, girya ko‘tarish, armrestling, AK–74 va Makarov pistoletini to‘g‘ri yig‘ish va tarqatish, shuningdek, arqon tortish yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Barcha bosqichlarda kuch, matonat, jamoaviy hamkorlik va harbiy–amaliy tayyorgarlik elementlarini o‘zlashtirish muhim ahamiyat kasb etdi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Qalqon” jamoasi alohida yo‘nalishlarda uchta birinchi va ikkita uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, yuqori tayyorgarlik darajasini yaqqol namoyish etdi. Eng muhimi, umumjamoaviy hisobda Akademiya jamoasi 1-o‘rinni egallab, turnirning mutlaq g‘olibi bo‘ldi.

Umumjamoaviy hisobda 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan OTM jamoalari kubok va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Musobaqaning o‘tkazilishi talaba yoshlarning jismoniy va harbiy–amaliy tayyorgarligini oshirishga, ularni Konstitutsiyamizda mustahkamlangan adolat, erkinlik va mas’uliyat g‘oyalari ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.