Huquqni muhofaza qilish akademiyasida o‘tkazilayotgan “Innovatsion darslar oyligi” doirasida “Sud notiqligi. Yuristning nutq odobi” mavzusida amaliy va nazariy jihatdan boy dastur asosida seminar mashg‘uloti tashkil etildi.
Mazkur mashg‘ulot “Kasbiy va nutq madaniyati” fanining nazariy va amaliy asoslarini chuqur o‘rganish, yuristlarning nutq madaniyatini takomillashtirish, sudda va xizmat faoliyatida samarali muloqot olib borish ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek yosh mutaxassislarda nutqiy madaniyatga mas’uliyatli yondashuvni tarbiyalashga qaratildi.
Dars zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida interaktiv tarzda tashkil etilgan bo‘lib, mashg‘ulot boshida mavzuning maqsad va o‘quv natijalari, o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan kompetensiyalar tushuntirildi. Talabalarga sud notiqligining nazariy asoslari, yurist nutqining tarkibiy unsurlari, nutq madaniyatining huquqni muhofaza qilish sohasida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Blits savol-javob va interaktiv testlar yordamida talabalarning avvalgi bilimlari faollashtirilib, mulohaza yuritish jarayoni rag‘batlantirildi.
Seminarning amaliy qismi guruhlarda ishlash, diqqatni jamlash mashqlari, nutq texnikasini namoyish etish, murakkab professional vaziyatlarda to‘g‘ri va ishonchli nutq bilan chiqish qilish kabi topshiriqlar orqali talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratildi. Mashg‘ulot davomida talabalar o‘z ijodiy yondashuvini ko‘rsatish, sud nutqining qisqa fragmentlarini tayyorlash va ularni auditoriya oldida taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Akademiyada “Innovatsion darslar oyligi” doirasida bunday seminarlarning izchil davom ettirilishi o‘quv jarayonini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarning ilg‘or pedagogik tajribalarini ommalashtirish, ta’limda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish va yuristlar tayyorlash sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir.