Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro seminar o‘tkazildi

Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro seminar o‘tkazildi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida moliyaviy razvedka bo‘linmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki kunlik xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar MDH Moliyaviy razvedka bo‘linmalari rahbarlarining Kengashi (SRPFR), MDH Aksilterror markazi (ATS SNG), Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi (YEAG) va Moliyaviy monitoring bo‘yicha xalqaro o‘quv-metodik markazi (MUMSFM) bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Tadbirda Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning moliyaviy razvedka bo‘linmalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari, shuningdek SRPFR, ATS SNG, YEAG, MUMSFM kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasining vakillari ishtirok etdi.

Seminar doirasida ishtirokchi-davlatlarning hududlarida terrorchilik guruhlarning faoliyatini moliyalashtirish tendensiyalari va dolzarb amaliyotlari hamda pul mablag‘larni yig‘ish va harakatlantirishning zamonaviy texnologiyalari ustidan nazoratni amalga oshirishga doir FATFning standartlarini implementatsiya qilish, «Darknet» tarmoqlarida va kripto-aktivlardan foydalanib sodir etilayotgan terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish tajribasi to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi.

Ishtirokchilar uchun o‘tkazilgan amaliy rolli o‘yinlar davomida terrorchi guruhlar tomonidan pul mablag‘larini yig‘ish va ko‘chirish usullarini aniqlash, hujjatlashtirish va tergov qilish bo‘yicha idoralararo hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqildi, bu o‘z navbatida seminarning  amaliy natijadorligini oshirdi.

Ikki kunlik xalqaro seminar o‘tkazilishi terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish, ishtirokchilarning kasbiy salohiyatini oshirish va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.