Joriy yilning 22 dekabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida viloyatlar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlarning o'rinbosarlari uchun “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish masalalari” mavzusidagi malaka oshirish kurslari nihoyasiga yetdi.
Mazkur kurslar dasturi prokuratura organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish amaliyoti va ularning faoliyatida mavjud bo'lgan tizimli muammo va kamchiliklarni tahlil qilish asosida shakllantirildi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatining samaradorligini oshirishga yo'naltirilgan ushbu kurslar davomida vaziyatli treninglar, guruh taqdimotlari, keys kabi o'qitish metodlarini o'z ichiga olgan interfaol o'qitish tadbirlari tashkil qilindi.
O'tkazilgan o'quv kurslari jarayonida hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, prokuratura, IIV va boshqa mutasaddi idoralar o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashdagi faoliyat samaradorligini oshirishga alohida to'xtalib o'tildi.
Bundan tashqari, kurs tinglovchilari Toshkent shahar tumanlarida o'tkazilgan sayyor o'quv mashg'ulotlarida “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksi imkoniyatlari hamda O'zbekiston Respublikasida yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash kontseptsiyasini amalga oshirish doirasidagi ishlar bilan tanishib chiqib, o'zlarining fikr va mulohazalarini mushohada qildilar.
Tinglovchilarga huquqbuzarlik va jinoyatlarning sodir etilishidan avval ularni oldini olish yuzasidan ilg'or milliy va xalqaro tajribalar taqdim etildi.
O'quv kursi yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.