Huquqni muhofaza qilish akademiyasida viloyatlar va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar tergovchilari uchun “Pora olish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish va kvalifikatsiya qilish” mavzusida qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etildi. Mazkur o‘quv kursi korrupsiyaga oid jinoyatlarni aniqlash, fosh etish va tergov qilish sohasida tergovchilarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilarga pora olish jinoyatlarini aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish, kriminalistik bilimlardan foydalangan holda jinoyatlarni ochish, tezkor tadbirlarni amalga oshirish tartibi hamda pora olish fakti bo‘yicha qonuniy protsessual qaror qabul qilish masalalari yoritildi. Shuningdek, pora olish jinoyatlarini tergov qilish metodikasi, tergov faoliyatida psixologik bilimlarning o‘rni va ahamiyati, raqamli kriminalistikaning korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilishdagi roliga alohida e’tibor qaratildi.
Kurs doirasida pora olish bilan bog‘liq jinoyatlarni kvalifikatsiyalashda uchraydigan muammolar, tijoratda pora evaziga og‘dirib olishning jinoyat huquqiy tavsifi va kvalifikatsiyaviy belgilari, shuningdek korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
O‘quv kursi interaktiv formatda o‘tkazilib, tinglovchilar tergov amaliyotida uchraydigan dolzarb masalalar yuzasidan mutaxassislardan atroflicha javoblar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.