O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida magistratura tinglovchilari uchun «Ilmiy ma’lumotlarni izlash va tahlil qilish: EBSCO va yetakchi xalqaro ma’lumotlar bazalarining imkoniyatlari» mavzusida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi magistratura tinglovchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyatida zamonaviy axborot resurslaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalari bilan ishlash bo‘yicha amaliy bilimlarini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda ekspert sifatida «E-Line Press» MCHJ vakili F.T.Shodmonova ishtirok etib, ilmiy manbalarni qidirish, tahlil qilish va to‘g‘ri foydalanish masalalari bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.
Seminar davomida ishtirokchilar Web of Science, Znanium, shuningdek Rossiya universitetlarining eng yirik ilmiy axborot platformalaridan biri hisoblangan «Keng tarmoqli to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron konsorsiumi» (SEB) ma’lumotlar bazalarining imkoniyatlari, ulardan foydalanish tartibi hamda ilmiy tadqiqotlarda qo‘llash usullari bilan tanishdilar.
Tadbir interaktiv formatda o‘tib, magistratura tinglovchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha atroflicha javoblar oldilar. Seminar ilmiy tadqiqot ishlarining sifatini oshirish, tahliliy fikrlashni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy makonga integratsiyalashuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.