O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Yaponiya Adliya vazirligi huzuridagi Tadqiqotlar va malaka oshirish instituti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga Akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, uning tashkiliy tuzilmasi, prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar chog‘ida kasbiy tajriba almashinuvi va hamkorlikni yanada rivojlantirishning ehtimoliy yo‘nalishlari masalalari asosiy o‘rinni egalladi. Tomonlar qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari va ta’lim dasturlarini amalga oshirish, shuningdek o‘zaro manfaatli yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash istiqbollarini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Akademiyaning moddiy-texnika bazasi, ixtisoslashtirilgan o‘quv auditoriyalari va ilmiy laboratoriyalari bilan tanishdilar. Ta’lim jarayoniga joriy etilgan zamonaviy va innovatsion yondashuvlar yapon tomoni vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.