Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan joriy yilning 22 dekabr kuni Majburiy ijro byurosi bilan o'zaro hamkorlikda Byuro faoliyatida tizimli ravishda yuzaga kelayotgan kamchiliklar va muammolarni oldini olish hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan videokonferensaloqa rejimida o'quv-seminari o'tkazildi.
Mazkur tadbirda Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o'qituvchilari, Majburiy ijro byurosi markaziy mahkamasi xodimlari, Byuroning barcha viloyat hamda tuman (shahar) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bo'limlari inspektorlari, davlat ijrochilari, shuningdek viloyat prokuraturalarining sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilish bo'limi boshliqlari ishtirok etdilar.
O'quv-seminar davomida ijro hujjatlari ijrosini ta'minlashda xalqaro huquq normalarini qo'llash, jinoiy jarimalarni undirish, qarzdorlarni qidirish va ularning chetga chiqish huquqlarini vaqtincha cheklash, “MIB-ijro” elektron dasturiy ta'minotini amaliyotda qo'llashga doir mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan masalalar atroflicha muhokama etildi.
Tadbir davomida byuro faoliyatining ish samaradorligini oshirish hamda ilg'or amaliy tajribalarni keng joriy etish maqsadida byuro faoliyatida tizimli ravishda yo'l qo'yilayotgan kamchiliklar va yuzaga kelayotgan muammolarning tahlili hamda uning natijasidan kelib chiqib, aniqlangan holatlarni oldini olish va bartaraf etish bo'yicha tegishli tavsiya hamda ko'rsatmalar berildi.
Tadbir yakunida xodimlarga sohaga oid qonunchilikdagi o'zgarishlar va yangiliklarni mazmuni haqida batafsil tushuntirishlar berilib, viloyat studiyalarida qatnashayotgan ishtirokchilar tomonidan amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan savol-javoblar o'tkazildi.