Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavriatining birinchi kurs talabalari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Davlat muzeyiga tashrif buyurdilar.
Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarda harbiy-vatanparvarlik ruhini shakllantirish, milliy armiya tarixi va unga bo‘lgan hurmatni yuksaltirish, shuningdek mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik sohalarida amalga oshirilayotgan jarayonlar haqida keng tasavvur hosil qilishdan iborat bo‘ldi.
Muzeyda talabalar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil topishi va rivojlanish tarixi, erishilgan yutuqlar hamda milliy xavfsizlikni ta’minlashdagi o‘rni bilan tanishdilar. Shuningdek, zamonaviy harbiy texnika, qurol-yarog‘lar va maxsus vositalarga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir doirasida «Milliy armiya – mening faxrim va iftixorim!» shiori ostida Faxriylar kengashi vakillari – katta xizmat va hayotiy tajribaga ega, yillar davomida milliy armiya saflarida turli lavozimlarda xizmat qilgan ofitserlar bilan uchrashuv ham tashkil etildi. Uchrashuv davomida ular harbiy xizmat tajribalari, kasbiy mas’uliyat va Vatanga sadoqat haqida so‘zlab berdilar hamda talabalarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardilar.
Talabalarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, milliy armiyaga bo‘lgan hurmatni oshirish va fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishga qaratilgan bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni Akademiyada kelgusida ham tizimli va doimiy ravishda tashkil etish rejalashtirilgan.