Akademiyada O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan vatanparvarlik tadbirlari turkumi doirasida talabalarda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, Vatanga muhabbat va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy jarayonlarga daxldorlik hissini shakllantirish, shuningdek ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda kelgusi xizmat faoliyatiga tayyorgarligini oshirishga qaratilgan navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir «Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!» shiori ostida o‘tkazildi.
Tadbirning ochilish marosimi doirasida Mudofaa vazirligi harbiy orkestri va faxriy qorovul bo‘linmasi o‘z kasbiy mahoratlarini namoyish etdi hamda ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirning asosiy va amaliy qismlarida Mudofaa vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining maxsus bo‘linmalari tomonidan qo‘l jangi elementlari ko‘rsatib berildi, shuningdek mamlakatimiz kuch tuzilmalari va huquqni muhofaza qilish organlari tasarrufidagi zamonaviy qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bundan tashqari, operativ-qidiruv va tergov faoliyatida qo‘llaniladigan kriminalistika texnikasi hamda maxsus vositalar namunalari taqdim etildi.
Talabalar har bir qurol, maxsus uskuna va vositaning vazifalari, taktik-texnik xususiyatlari, ishlash tamoyillari bilan bevosita tanishib, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Tadbir yakunida talabalar o‘rtasida Makarov pistoletini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, shuningdek boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa va estafetalarda g‘olib bo‘lgan talaba va jamoalar taqdirlandilar.