Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bakalavriatning «Prokurorlik faoliyati» ta’lim yo‘nalishi talabalari bilan prokuratura organlari faxriylari – o‘z umrini qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni mustahkamlashga bag‘ishlagan generallar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bakalavriatning «Prokurorlik faoliyati» ta’lim yo‘nalishi talabalari bilan prokuratura organlari faxriylari – o‘z umrini qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni mustahkamlashga bag‘ishlagan generallar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoat markazi raisi, yuridik fanlar nomzodi, general-mayor Botir Hamzayevich Kalonov, prokuratura faxriysi, yuridik fanlar nomzodi, general-leytenant Tohir Qambarovich Mirzayev, Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi raisi maslahatchisi, yuridik fanlar nomzodi, general-mayor Erkin Mehmonovich Abzalov, Akademiya professori, yuridik fanlar doktori, professor, general-mayor Baxtiyor Xalilovich Po‘latov ishtirok etdilar.

Mazkur tadbir avlodlar o‘rtasidagi uzviylikni mustahkamlash, prokurorlik xizmatiga nisbatan hurmat ruhini shakllantirish hamda bo‘lajak yuristlarda prokuraturaning qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan zamonaviy institutsional o‘rni haqidagi tushunchani yanada chuqurlashtirishga qaratildi.

Uchrashuv davomida faxriylar O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi faoliyatini tashkil etishning tarixiy bosqichlari, uning rivojlanish asoslari, shuningdek mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar va ularning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritdilar. Mehmonlar o‘z kasbiy va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, prokuratura organlarining shakllanish jarayoni, xizmat mas’uliyatining o‘ziga xos jihatlari hamda qonuniylik, adolat va kasbiy etika tamoyillarining kundalik faoliyatdagi ahamiyatini ta’kidladilar.

Shuningdek, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida prokuratura organlarida kechayotgan institutsional transformatsiyalar, yildan yilga yuklanayotgan vazifalar hamda tashkil etilayotgan yangi tashkiliy tuzilmalar xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuvda mamlakatimizda qonunlarning aniq va bir xilda ijro etilishini ta’minlashda prokuror nazoratining o‘rni, ayniqsa, prokurorlik nazorati samaradorligi rasmiy statistik ko‘rsatkichlar bilan emas, balki fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan aniq natijalar bilan baholanishi alohida ta’kidlandi.

Mehmonlar talabalarni doimiy bilim izlashga, ilmiy tafakkurni rivojlantirishga, kasbiy faoliyatda mas’uliyat va matonatni uyg‘unlashtirgan holda, huquqni muhofaza qilish sohasidagi murakkab xavf-xatarlarga tayyor bo‘lgan yetuk mutaxassis sifatida shakllanishga undadilar.

Talabalar mehmonlarning chiqishlariga katta qiziqish bildirib, xizmatning amaliy jihatlari, kasbiy tanlov hamda jamiyat ehtiyojlari va fuqarolar ishonchiga yo‘naltirilgan faoliyat uchun zarur bo‘lgan shaxsiy fazilatlar xususida savollar berdilar. Muloqot ochiq va mazmunli ruhda o‘tdi.

Ushbu uchrashuv Akademiyada olib borilayotgan ta’lim-tarbiya ishlarining muhim tarkibiy qismi sifatida, bo‘lajak mutaxassislarda yuksak huquqiy madaniyat, mas’uliyat hissi hamda prokurorlik xizmatining qonunga va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xizmat missiyasini anglashni shakllantirishga xizmat qildi.