Kitob kasbiy tafakkur poydevori sifatida: Akademiya talabalari bilan detektiv yozuvchi uchrashuvi

Kitob kasbiy tafakkur poydevori sifatida: Akademiya talabalari bilan detektiv yozuvchi uchrashuvi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida talabalar, tinglovchilar va xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashni kengaytirish hamda kasbiy tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan tizimli faoliyat doirasida Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, qator detektiv asarlar muallifi Komil Sindorov ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir davomida Komil Sindorov aniq faktlar va shaxsiy kuzatuvlariga asoslangan ma’ruza bilan ishtirok etib, ijodiy faoliyati, yozuvchilik tajribasi hamda adabiy asarlarda hayotiy haqiqatni ifodalash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Yozuvchining asarlari ortiqcha pafos va sun’iy uydirmalardan xoli bo‘lib, real voqelikka suyangan mazmuni bilan ajralib turadi.

Muallif qalamiga mansub kitoblar o‘zaro mantiqiy izchillikka ega bo‘lib, biri ikkinchisining davomi sifatida mutolaa qilinadi. Bugungi kunda ushbu asarlar o‘z o‘quvchisiga ega bo‘lgan adabiy turkum sifatida shakllanib ulgurgan. Yozuvchining sohaviy bilim va amaliy tajribasi asarlar mazmunida yaqqol aks etib, kitobxonga muallifning mavzuga chuqur va kasbiy yondashuvini anglash imkonini beradi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir talabalarda kitobxonlik va kitob bilan ishlash madaniyatini shakllantirish, tahliliy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, shuningdek, kelgusida tergov faoliyatida zarur bo‘ladigan kasbiy kompetensiyalar va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.