Professor-o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish bo‘yicha navbatdagi seminar-trening

Professor-o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish bo‘yicha navbatdagi seminar-trening


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida professor-o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish, ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalar va zamonaviy metodikalarni joriy etishga qaratilgan ishlar izchil va tizimli davom ettirilmoqda.

Mazkur faoliyat doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi tasarrufidagi Kasbiy ta’limni rivojlantirish institutining kafedra professori, p.f.d. D.Raxmatullayeva hamda mazkur kafedra dotsenti, p.f.f.d. N.Roziqova ishtirokida “Masofaviy o‘qitishda raqamli instrumentlardan foydalanish” mavzusida navbatdagi seminar-trening tashkil etildi.

Seminar-trening davomida ta’lim tizimida raqamlashtirish jarayonlarining ahamiyati va zaruriyati, ta’lim jarayonida qo‘llaniladigan raqamli vositalarning turlari, funksiyalari va didaktik imkoniyatlari, shuningdek raqamli instrumentlarni ta’lim maqsadlari hamda tahsil oluvchilar ehtiyojlariga mos holda tanlash va qo‘llash usullari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.

Treningning amaliy qismida ishtirokchilar faol qatnashib, “Wordwall”, “Kahoot”, “AhaSlides”, “Mentimeter” kabi interaktiv ta’lim platformalari, shuningdek “Padlet” onlayn doskasidan foydalanish bo‘yicha amaliy mashqlarni bajardilar.

Seminar-trening yakunida mavzu yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi hamda raqamli vositalarni ta’lim jarayoniga samarali joriy etish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.