Jaholatga qarshi kurashishda ma’rifatning o‘rni: yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy muloqot

Jaholatga qarshi kurashishda ma’rifatning o‘rni: yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy muloqot


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida yoshlarni ma’naviy barkamollik, tanqidiy fikrlash va ongli fuqarolik ruhida tarbiyalash maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Shu faoliyat doirasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati bo‘lim boshlig‘i M.Namozova, soha mutaxassislari, shuningdek, akademiya xodimlari va talabalari ishtirok etdi.

Davra suhbatida jaholat, radikalizm, mutaassiblik va asossiz axborotlarning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, shuningdek, ularga qarshi ma’rifat va bilim asosida kurashishning dolzarbligi atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir davomida ma’ruzalar, ochiq muloqotlar hamda savol-javoblar tashkil etilib, ishtirokchilarga axborotni tahlil qilish, tanqidiy fikrlash va to‘g‘ri xulosa chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, o‘zaro hurmat, hamjihatlik va tinchlik g‘oyalarini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.

Bu kabi tadbirlar yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, ularni yot g‘oyalar ta’siridan asrash hamda jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirishga xizmat qiladi. Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, ushbu yo‘nalishdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kelgusida yanada tizimli va samarali davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.