Jizzax viloyati mahallalarida kriminogen vaziyatni ilmiy yondashuv asosida o‘rganish ishlari olib borilmoqda

Jizzax viloyati mahallalarida kriminogen vaziyatni ilmiy yondashuv asosida o‘rganish ishlari olib borilmoqda


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida, Akademiya ishchi guruhi tomonidan “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida hududlarga chiqilib, mahallalardagi kriminogen vaziyat komleks o‘rganilmoqda.

Jumladan, ishchi guruh a’zolari Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga nomma-nom biriktirilgan Jizzax viloyatining Jizzax shahri va Sh.Rashidov, Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Zomin, Mirzacho‘l, Paxtakor tumanlarining uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan 16 ta mahallasiga borib, huquqbuzarlik va jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularning oldini olish masalalari ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganildi.

Ishchi guruh tomonidan mazkur mahallalardagi kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi sabab va omillar, jinoyat sodir etilishiga zamin yaratayotgan shart-sharoitlar, ijtimoiy-maishiy muammolar hamda profilaktik ishlar holati chuqur o‘rganildi.

Shuningdek, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan kunlik va muddatli tadbirlar samaradorligi tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

O‘rganish natijalari asosida aholi gavjum joylarda nazorat tadbirlarini kuchaytirish, huquqiy targ‘ibot ishlarini faollashtirish, sayyor sud majlislari tashkil etish, viktimologik profilaktika choralarini amalga oshirish hamda kiberjinoyatlardan jabrlanish xavfini kamaytirishga qaratilgan ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqildi.

Mazkur taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, kelgusida kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan yo‘l xaritalariga kiritish uchun mas’ullarga taqdim etildi.

Ta’kidlash joizki, akademiya mutaxassislari tomonidan hududdagi kriminogen vaziyatning kundalik tahlili asosida ishlab chiqilgan takliflari mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samarasining yuksalishiga o‘zining ijobiy hissa qo‘shmoqda.