Jinoyat qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha ishlar davom etmoqda

Jinoyat qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha ishlar davom etmoqda

Jinoyat qonunchiligini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar doirasida Birlashgan millatlar tashkiloti Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining (GJB) Markaziy Osiyodagi Hududiy vakolatxonasi ko'magida xorijiy ekspert sifatida Qozog'iston, Qirg'iziston va boshqa davlatlarning jinoyat qonunchiligini takomillashtirishda ishtirok etib kelgan Huquqiy siyosat tadqiqotlar Markazining katta huquqiy maslahatchisi Dmitriy Nurumov (Qozog'iston) jalb etilgan.

Ma'lumot uchun: D.Nurumov yuridik fanlari nomzodi, Markaziy Osiyoda huquqiy islohotlarning dolzarb masalalariga bag'ishlangan 20 ta nashr ishlarining muallifi, YEXHT 
milliy ozchilik masalalari bo'yicha Oliy komissarining katta maslahatchisi lavozimida ishlagan (Gaaga sh. Niderlandiya).

D.Nurumov o'z tashrifi davomida joriy yilning 27-29 dekabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini isloh qilish, jumladan, jinoyatlarni tasniflash, qilmishlar toifasini kiritish, jazo tayinlash, jinoyatlar retsidivi va takroriyligi hamda jinoyat qonunchiligining boshqa institutlari masalalarida maslahatlar berdi.

Ishchi guruh a'zolari bilan uchrashuv tashkil etilib, unda jinoyat qonunchiligini takomillashtirishning nazariy va amaliy jihatlari muhokama qilindi.