O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi yetakchi mutaxassislardan iborat mualliflar jamoasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuniga ilmiy-amaliy sharh nashr etildi.
Mazkur sharh qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotidagi so‘nggi o‘zgarishlar, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda, shuningdek, jamiyat va davlat oldida turgan huquq-tartibotni mustahkamlash hamda samarali boshqaruvni ta’minlash sohasidagi vazifalarni chuqur anglagan holda tayyorlangan.
Ilmiy-amaliy sharhda Qonunning barcha moddalari izchil tahlil qilinib, ularning yuridik tabiati ochib berilgan hamda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy yo‘naltirilgan tushuntirishlar keltirilgan.
Sharh korrupsiyaga qarshi siyosatni amalda tatbiq etuvchi mutaxassislar uchun muhim yo‘riqnoma bo‘lishi, shuningdek, korrupsiya tahdidlariga huquqiy choralar ko‘rish mexanizmlari bilan qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun asosiy manba vazifasini o‘tashi ko‘zda tutilgan.
Ushbu sharhning maqsadi O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qoidalarini chuqur, tizimli va amaliy yo‘naltirilgan tahlil qilish, uning normalarining ma’nosi, mazmuni va yuridik tabiatini ochib berish, ularni xalqaro standartlar bilan taqqoslash, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotida ularni qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rsatishdan iborat.
Sharhning har bir bo‘limi asosiy tushunchalar, mexanizmlar va huquqiy institutlarning chuqur tahlili bilan ta’minlangan.
Mazkur sharh o‘zida ilmiy tahlil va amaliy tajribani uyg‘unlashtirgan bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, sud va huquqni muhofaza qilish organlar xodimlari, tadqiqotchilar, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ekspertlar uchun mo‘ljallangan.
Sharh korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikni bir xil va asosli qo‘llashga ko‘maklashish, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati samaradorligini oshirish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.