Tuman prokurorlarining o'rinbosarlari uchun malaka oshirish kurslari

Tuman prokurorlarining o'rinbosarlari uchun malaka oshirish kurslari

Joriy yilning 29 dekabr kuni tuman (shahar) prokurorlarining o'rinbosarlari uchun tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilishga doir sohaviy faoliyati mavzusidagi malaka oshirish kurslari yakunlandi.

Kurslar dasturi tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish bo'yicha respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va bu borada prokuratura organlari oldida turgan dolzarb vazifalarni atroflicha o'rganish, mavjud bo'lgan tizimli muammo va kamchiliklarni tahlil qilish asosida shakllantirildi.

Tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlari hamda investitsiyalarni huquqiy himoya qilishda prokuratura organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan ushbu kurslar jarayoniga O'zbekiston savdo-sanoat palatasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari jalb qilindi. Mashg'ulotlarda pinbord, kichik guruhlarda ishlash, guruh taqdimotlari va keys-stadi kabi interfaol o'qitish metodlaridan samarali foydalanildi.

Kurslar doirasida sayyor o'quv mashg'ulotlariga alohida e'tibor qaratilib, tinglovchilarga joylarda tadbirkorlik va investitsiyalarni jalb qilish sohasi bo'yicha ijobiy tajribalar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

O'quv kurslari yakunida tinglovchilarga malaka oshirganlik to'g'risida sertifikatlar topshirildi.