Dual ta’lim sifatini ta’minlash: Akademiya rahbariyati poytaxt tumanlarida amaliyot o‘tash jarayonini o‘rgandi

Dual ta’lim sifatini ta’minlash: Akademiya rahbariyati poytaxt tumanlarida amaliyot o‘tash jarayonini o‘rgandi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida nazariya va amaliyot uyg‘unligiga asoslangan dual ta’lim tizimi izchil ravishda joriy etilmoqda.

Dual ta’lim tizimining joylarda amalga oshirilishi, talabalarning amaliy tayyorgarlik darajasi hamda ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va mazkur mexanizm samaradorligini baholash maqsadida Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko Toshkent shahrining Yunusobod va Olmazor tumanlaridagi tergov va prokuratura bo‘linmalariga tashrif buyurib, talabalarning amaliy faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif davomida talabalarning protsessual faoliyatga jalb etilishi darajasi, tajribali tergovchi va prokurorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ustozlik tizimi, shuningdek, Akademiya va amaliyot bo‘linmalari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmiga alohida e’tibor qaratildi.

Fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, protsessual hujjatlarni tayyorlash va tahlil qilish, hodisa joyini ko‘zdan kechirish hamda boshqa zarur protsessual harakatlarda ishtirok etish orqali talabalarda barqaror kasbiy kompetensiyalar va mustaqil xizmat faoliyatiga tayyorlik shakllantirilayotgani ta’kidlandi.

Tashrif yakunida dual ta’lim tizimini yanada takomillashtirish va uning amaliy samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.