13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlari, huquqni muhofaza qilish tizimi hamda boshqa sohalarda ko‘p yillar davomida halol va fidokorona xizmat qilib kelgan xodimlarni nafaqaga kuzatishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Bosh prokuror o‘rinbosari, Akademiya boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi S.I.Samadov ishtirok etdi. U o‘z so‘zida nafaqaga chiqayotgan xodimlarning prokuratura organlari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, ularning yuksak kasbiy mahorati, xizmatga sadoqati va boy hayotiy tajribasi yosh avlod uchun ibrat maktabi ekanini ta’kidladi.
Marosim davomida faxriylarga samimiy minnatdorlik so‘zlari bildirilib, ularga sog‘liq-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va farovon hayot tilaklari izhor etildi.
Bunday tadbirlar xizmat qilgan xodimlarni e’zozlash, kasb nufuzini oshirish hamda avlodlar vorisiyligini mustahkamlashga xizmat qiladi.