Yangi lavozimga tayinlangan tuman prokurorlarining malaka oshirish kurslari

Yangi lavozimga tayinlangan tuman prokurorlarining malaka oshirish kurslari

Joriy yilning 29 dekabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida yangi lavozimga tayinlangan tuman (shahar) prokurorlarining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishda prokuratura organlarining vazifalari” mavzusidagi malaka oshirish kurslari yakunlandi.

Mazkur kurslar dasturi tuman (shahar) prokurorlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha prokuratura organlari oldida turgan dolzarb vazifalarni atroflicha o'rganish va ularning faoliyatida mavjud bo'lgan tizimli muammo va kamchiliklarni tahlil qilish asosida shakllantirildi.

Shu bilan birga, kurslar doirasida Toshkent shahridagi tumanlarda sayyor o'quv mashg'ulotlari tashkil etilib, o'zaro tajriba almashish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishni tashkil etish borasida amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.

Har bir tinglovchi tomonidan respublikamizning tumanlar miqyosida huquqbuzarliklar profilaktikasi yo'nalishida olib borilayotgan ishlar va ularning samaradorligi haqidagi taqdimotlar tayyorlanib, Akademiya rahbariyati hamda professor-o'qituvchilar tarkibidagi komissiya tomonidan baholandi.   

O'quv kurslari yakuni bo'yicha tinglovchilarga malaka oshirganlik to'g'risida namunadagi sertifikatlar topshirildi.