Yangi yilingiz muborak!

Yangi yilingiz muborak!

Aziz va muhtaram do'stlar, hamkasblar!

Mana shu fayzli damlarda barchangizni yangi – 2019 yil bilan samimiy muborakbod etib, Sizlarga tinchlik, omonlik, sihat-salomatlik, xonadoningizga qut-baraka tilaymiz.

Bugun biz vaqtning shiddat bilan o'tishiga yana bir bor guvoh bo'lib, yangi yilga, hayotimizning yangi bir dovoniga qadam qo'ymoqdamiz.

O'tib borayotgan yil prokuratura organlari, shu jumladan Akademiya oldiga fidokorona va mashaqqatli mehnatni talab qiladigan vazifalarni qo'yish bilan bir qatorda, omadli va samarali yil bo'ldi desak, mubolag'a bo'lmaydi.

Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimi yaratilib, taraqqiyotimizning yangi davri, yangi bosqichiga qadam qo'ydik.

Bu borada, 2018 yil 8 mayda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni qabul qilinganligi beqiyos ahamiyatga ega bo'lib, Akademiyada magistraturada tahsil olish, birlamchi ixtisoslashuv shaklida kasbiy qayta tayyorlash, ilmiy daraja beruvchi ixtisoslashgan kengash va boshqa bir qator institutsional o'zgarishlarning huquqiy asoslari belgilab berildi.

Farmon qabul qilinganligidan buyon qisqa vaqt o'tgan bo'lishiga qaramasdan, Akademiya faoliyatining asosiy yo'nalishlari ilg'or texnologiyalar asosida raqamlashtirilib, modernizatsiya qilindi, barcha jabhalarda ishlarni tashkil etishda eskicha yondashuvdan voz kechilib, o'qitishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish, ta'lim darajasini sifat jihatidan oshirish va tubdan takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarning amaliy ahamiyati va samaradorligini yanada oshirish choralari ko'rildi, shuningdek, moddiy-texnik baza mustahkamlandi.

Ilmiy salohiyat bir necha baravar oshishiga erishildi, xorijdagi yetakchi ilmiy tadqiqot muassasalari va tashkilotlar bilan hamkorlik yo'lga qo'yildi.

Shu kabi Akademiya faoliyatining boshqa yo'nalishlarida ham bir qator ishlar amalga oshirildi.

Nihoyasiga yetib borayotgan yil Akademiya faoliyatining barcha jabhalarida 2019 yilda ham yangidan-yangi vazifalarni qo'ymoqda.

Mana shu quvonchli damlarda barchangizga Yangi yil qutlug' va barakali, har bir oilaga xotirjamlik, baxt va omad hamda farovonlik, xalqqa xizmat qilishdek sharafli ishlaringizga rivoj olib kelishini tilab qolamiz!