O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda, Yevroosiyo guruhining jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Kotibiyati hamda Moliyaviy monitoring xalqaro o‘quv-metodik markazining texnik va ekspert ko‘magida milliy va sektorlar kesimida tavakkalchilikni baholash bo‘yicha tajriba almashishga bag‘ishlangan xalqaro onlayn-seminar o‘tkazildi.
Seminarda moliyaviy razvedka bo‘linmalari va nazorat organlari vakillari, moliyaviy va nomoliyaviy tashkilotlar mutasaddilari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasining sohaviy ekspertlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida xalqaro standartlar va tavakkalchilikka asoslangan yondashuv talablari, milliy tavakkalchilikni baholash amaliyoti hamda uning natijalarini nazorat va huquqni qo‘llash faoliyatida qo‘llash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, bank, notariat, lizing va audit sohalarida tavakkalchilikni baholashning tarmoq xususiyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, tavakkalchilikni baholash tizimini takomillashtirish jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini mustahkamlashning muhim elementi hisoblanadi. Davlat organlari va xalqaro ekspertlar o‘rtasidagi tajriba almashinuvi moliyaviy jinoyatlar bilan bog‘liq tahdidlar, zaifliklar va oqibatlarni samarali aniqlash hamda ilg‘or xalqaro amaliyotlarni joriy etishga xizmat qiladi.
Seminar yakunlariga ko‘ra tavakkalchilikka asoslangan instrumentlar va tahliliy yechimlarni yanada joriy etish muhimligi, shuningdek moliyaviy tahdidlarga qarshi kurashish milliy tizimlari samaradorligini oshirish maqsadida davlat organlari va xalqaro ekspertlar o‘rtasidagi professional muloqotni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.