Akademiyada Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)  bo‘yicha harakatlar va xabardorlik global haftaligi o‘tkaziladi

Akademiyada Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)  bo‘yicha harakatlar va xabardorlik global haftaligi o‘tkaziladi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Global universitetlar koalitsiyasi tashabbusi doirasida SDG Action and Awareness Week –Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘yicha harakatlar va xabardorlik global haftaligi o‘tkaziladi. Tadbir BRM haqida xabardorlik darajasini oshirish, barqaror fikrlash madaniyatini shakllantirish, ekologik va ijtimoiy mas’uliyatni rivojlantirish hamda barqaror rivojlanish sohasida amaliy harakatlarni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Haftalik doirasida BRM mavzusiga kirishga oid axborot sessiyasi va haftalik rasmiy ochilish marosimi, huquqni muhofaza qilish faoliyatida raqamli ko‘nikmalar, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘lom ovqatlanish, erta nikoh va boshqa dolzarb mavzularga bag‘ishlangan seminar va davra suhbatlari o‘tkaziladi. Shuningdek, haftalik doirasida debat, plogging va bukkrossing aksiyalari, innovatsion g‘oyalar va startaplar tanlovi hamda taqdimoti, shuningdek BRM bo‘yicha insholar va posterlar tanlovlari tashkil etiladi.

Haftalik yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilarni turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlash, shuningdek sertifikatlar topshirish rejalashtirilgan.

Mazkur haftalik Akademiyada barqaror rivojlanish g‘oyalarini targ‘ib qilish, yoshlarning ekologik va ijtimoiy mas’uliyatini mustahkamlash hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Barcha qiziquvchilarni haftalik doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz.