Joriy yilning 5 yanvar kuni Toshkent shahar Chilonzor tuman prokuraturasida Akademiyaning Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi xodimlari tomonidan tuman huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamda keng jamoatchilik ishtirokida jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasida davlat organlari, tashkilotlar va jamoatchilik tuzilmalarining faoliyati tashkil etilishi va muvofiqlashtirilishini ta'minlash bo'yicha yig'ilish o'tkazildi.
Mazkur tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi PQ-4075-sonli Qaroriga asosan jamoat xavfsizligini ta'minlashda prokuratura organlari oldiga qo'yilgan yangi vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida tashkillashtirildi.
Yig'ilishda tuman prokuraturasi, ichki ishlar, sog'liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari, ta'lim organlari, xotin-qizlar qo'mitasi, o'zini-o'zi boshqarish organlari, “Nuroniy” jamg'armasi, Yoshlar ittifoqi va diniy soha vakillari ishtirok etdi.
Yig'ilish ishtirokchilari tumandagi jinoyatchilik holatini muhokama qilib, jinoyatlarni oldini olish va unga qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta'minlash mexanizmlari, jinoiy-huquqiy statistikani yuritish va jinoyatlarni tahlil qilish jarayoni, huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan batafsil ma'lumot olishdi.
Tadbir jarayonida diniy soha vakillarining muqaddam sudlangan hamda huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo'lgan shaxslar bilan tarbiyaviy ishlar olib borishlari, fuqarolarga qonunga hurmat va qonun buzilishining har qanday ko'rinishiga murosasizlik munosabatini singdirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Bundan tashqari, jamoat xavfsizligi faoliyatini samarali olib borishini ta'minlash maqsadida aniq chora-tadbirlar va vazifalar belgilab olindi.