Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tuman va shahar bo‘linmalari tezkor xodimlari hamda kriminalist mutaxassislari uchun “Poraxo‘rlik jinoyatlariga qarshi kurashishda tezkor-qidiruv va kriminalistik faoliyat hamkorligi” mavzusidagi qisqa muddatli malaka oshirish kursi yakunlandi.
O‘quv dasturi doirasida tinglovchilar poraxo‘rlik jinoyatlarini fosh etishning nazariy va amaliy asoslari, tezkor-qidiruv tadbirlarini protsessual jihatdan to‘g‘ri rasmiylashtirish hamda ular natijalaridan jinoyat protsessida isbot qilish vositasi sifatida samarali foydalanish masalalarini chuqur o‘rgandilar.
Shu bilan birga, mashg‘ulotlarda raqamli kriminalistika va zamonaviy axborot texnologiyalarining imkoniyatlari, jumladan elektron ma’lumotlar va kriptoaktivlar bilan ishlash, sud-kompyuter va fonoskopiya ekspertizalarini o‘tkazish, ochiq manbalar tahlili asosida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash hamda jinoiy daromadlarni legallashtirish mexanizmlarini aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kurs doirasida poraxo‘rlik jinoyatlarini tergov qilishda kriminalist mutaxassis ishtirokining ahamiyati, hujjatlarning texnik ekspertizasi hamda protsessual majburlov choralarini qo‘llashning huquqiy jihatlari kompleks tarzda yoritildi.
Mashg‘ulotlar sohaning tajribali mutaxassislari va ekspertlari tomonidan interfaol metodlar, keys-tahlil va amaliy mashqlar shaklida tashkil etildi. Kurs yakunida tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalari baholanib, ularga tegishli sertifikatlar topshirildi.
Mazkur kurs sohaviy xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, tezkor-qidiruv va kriminalistik faoliyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda poraxo‘rlik jinoyatlarini fosh etish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.