Magistrantlar uchun ilmiy tadqiqot metodologiyasiga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi

Magistrantlar uchun ilmiy tadqiqot metodologiyasiga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida magistratura tinglovchilari uchun “Magistrlik dissertatsiyasini yozishda ilmiy tadqiqot metodologiyasini qo‘llash: amaliy tajriba va tavsiyalar” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti “Huquq, jamiyat va madaniyat” shu’basi professor v.b., pedagogika fanlari doktori S.N.Allayarova ma’ruza bilan ishtirok etdi. U o‘z chiqishida zamonaviy ilmiy faoliyatda tadqiqot metodologiyasining ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidlab, magistrlik dissertatsiyasi magistrantning mustaqil ilmiy fikrlashi, tahliliy yondashuvi va ilmiy muammolar yechimiga doir asosli takliflar ishlab chiqish qobiliyatini namoyon etuvchi muhim ilmiy ish ekanini qayd etdi.

Seminar davomida ilmiy tadqiqotni tashkil etishning metodologik asoslari, tadqiqot muammosini aniqlash, ilmiy gipoteza shakllantirish, maqbul tadqiqot metodlarini tanlash hamda empirik ma’lumotlarni tahlil qilish masalalari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Tadbir interaktiv ruhda o‘tkazilib, magistratura tinglovchilari tomonidan dissertatsiya tayyorlash jarayonida uchraydigan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Seminar ishtirokchilarning ilmiy tadqiqot olib borish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Telegram Facebook