O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish istiqbollari: muammo va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plami nashr etildi.
Mazkur to‘plamda ilmiy darajali kadrlar tayyorlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusi ustuvor vazifalar, yuridik fanlar ixtisosligi bo‘yicha ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirishning dolzarb masalalari, huquqiy fan va ilmiy tadqiqotlarda raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish istiqbollari keng yoritilgan.
Shuningdek, to‘plamda ilmiy tadqiqot faoliyatini rivojlantirishning dolzarb muammolari, yosh tadqiqotchilar salohiyatini yuksaltirish masalalari, qonun ustuvorligini ta’minlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy va amaliy yondashuvlar hamda jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish va tergov samaradorligini oshirishga doir zamonaviy g‘oya va takliflar o‘z ifodasini topgan.
To‘plamga fan va ta’lim sohasini boshqarishga vakolatli davlat organlari, huquqni qo‘llash amaliyoti bilan bog‘liq tashkilotlar xodimlari, yuridik ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, doktorantlar hamda mustaqil izlanuvchilarning ilmiy maqolalari va tezislari kiritilgan.
Nashr ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, huquqiy fanni rivojlantirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirishga xizmat qiladi.