Navro‘z bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida an’anaviy hashar o‘tkazildi.
Navro‘z arafasida hashar o‘tkazish xalqimizning azaliy an’analaridan biri bo‘lib, u yangilanish, poklik va jamiyatdagi hamjihatlik ramzi hisoblanadi. Tadbirda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va boshqa xodimlari ishtirok etdilar.
Hashar davomida Akademiya hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. O‘quv va ma’muriy binolar atrofi tozalandi, alleyalar, gulzorlar va yashil hududlar tartibga keltirildi, yo‘laklar va yondosh hududlarda tozalik ishlari olib borildi. Shuningdek, Akademiyaga tutash hududlarni obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bunday tadbirlar jamoada birdamlikni mustahkamlash, atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatni shakllantirish hamda milliy an’analarni asrab-avaylashga xizmat qiladi. Hashar Navro‘z bayramiga tayyorgarlik doirasida Akademiya jamoasining birgalikdagi sa’y-harakatlarini yana bir bor namoyon etdi.