Huquqni muhofaza qilish akademiyasida korrupsiyaga qarshi kurashishning kompleks tizimi joriy etilgan.
Unga muvofiq, Akademiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash tartibi, xarid qilish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish, xodimlarni kompleks tekshirishdan o‘tkazish, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqidagi xabarlar bilan ishlash, tizimni monitoring va nazorat qilish tartiblari, shuningdek tizimga mas’ul bo‘linma faoliyatini tartibga soluvchi qator ichki hujjatlar tasdiqlanib, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi to‘laqonli yo‘lga qo‘yilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini yanada oshirish maqsadida Akademiyaning odil sudlovni mustahkamlash sohasidagi o‘quv-uslubiy, ilmiy va ekspert-tahliliy faoliyati ayni vaqtda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) ko‘magida SERT International xalqaro kompaniyasi tomonidan ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standartiga muvofiqlik auditidan o‘tkazilmoqda.
Mazkur sertifikatlashtirish auditi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, huquqni muhofaza qilish sohasi uchun kadrlarni halollik standartlari asosida tayyorlash samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.