Ilmiy-amaliy hamkorlik amalda: tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqot

Ilmiy-amaliy hamkorlik amalda: tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqot


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Huquqni muhofaza qilish faoliyati muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi bilan Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoiy odil sudlov fakulteti Tadqiqot markazi vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv doirasida Akademiya markazining faoliyati, amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar hamda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan loyihalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Mehmonlar markazning jinoyatchilikka qarshi kurashish, kriminologik tahlil metodologiyasi va sohadagi dolzarb muammolarni o‘rganish bo‘yicha tajribasi bilan yaqindan tanishdilar.

Muloqot yakunida tomonlar fikr va takliflar almashib, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni ishlab chiqish, birgalikda tadqiqotlar olib borish hamda akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldilar.

Shuningdek, mehmonlar Akademiyaning moddiy-texnik bazasi va o‘quv infratuzilmasi bilan tanishdilar. Xususan, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, mintaqada yagona bo‘lgan Raqamli kriminalistika instituti faoliyati, boy adabiyotlar fondiga ega Axborot-resurs markazi hamda kriminalistik laboratoriyalar katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida navbatdagi qadam bo‘ldi. Tomonlar yaqin vaqt ichida qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalarini rasmiylashtirishga qaratilgan hamkorlik chora-tadbirlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Telegram Facebook