Raqamli dalillar davrida sud amaliyoti: yangi yondashuvlar

Raqamli dalillar davrida sud amaliyoti: yangi yondashuvlar

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan raqamli huquqbuzarliklar sohasida sudyalar kompetensiyalarini izchil rivojlantirish doirasida YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori va Odil sudlov akademiyasi bilan hamkorlikda “AKT-jinoyatlari: aniqlashdan sud qaroriga qadar (sudyalar uchun kirish kursi)” mavzusidagi seminar-trening tashkil etildi. Mazkur tadbir joriy yilning 24–25-mart kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.

Seminarda tergov sudyalari, shuningdek axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar bilan bog‘liq jinoyat ishlarini ko‘rib chiquvchi sudyalar, jumladan viloyat, shahar va tuman sudlarining jinoyat ishlari bo‘yicha kollegiyalari vakillari ishtirok etdilar.

Yetakchi ekspertlar sifatida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari – yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Ixtisoslashtirilgan raqamli tadqiqotlar markazi boshlig‘i Xagani Gadjiyev hamda Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli tergovga ko‘maklashish markazi boshlig‘i Bunyod Qudratov ishtirok etdilar.

Trening dasturi sudyalarda AKT sohasidagi jinoyatlarni malakalash va ko‘rib chiqish bo‘yicha zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratildi. Jumladan, jinoyat protsessida raqamli dalillarning maqbulligi, ularning aloqadorligi va ishonchliligini baholash mezonlari, elektron ma’lumotlarni tadqiq qilish usullari hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlarga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Ishtirokchilar treningning amaliy ahamiyati, materiallarning dolzarbligi va ekspertlarning yuqori professional darajasini qayd etib, bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazish zarurligini ta’kidladilar.

Telegram Facebook