Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Plag.uz / StrikePlagiarism.com kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida akademik halollikni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.
Tadbir davomida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt (SI) jadal rivojlanayotgan sharoitda akademik halollikni ta’minlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilarga akademik halollikning zamonaviy tamoyillari hamda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentni aniqlash texnologiyalari taqdim etildi.
Shuningdek, antiplagiat tizimlarini chetlab o‘tishning keng tarqalgan usullari – belgilarni almashtirish, mazmunsiz parafrazlar, yashirin matnlardan foydalanish va “unikallashtirish” servislari – atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislar StrikePlagiarism.com tizimining yangi imkoniyatlarini namoyish etib, manipulyatsiyalarni aniqlash, SI-kontent bo‘yicha hisobotlar tayyorlash hamda tekshiruv vositalarini ta’lim platformalari bilan integratsiya qilish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdilar.
Seminar-trening doirasida ishtirokchilar amaliy keyslar va namoyishlar orqali zamonaviy tizimlarning turli ko‘rinishdagi plagiat va SI orqali qayta ishlangan matnlarni aniqlash imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Mazkur tadbir akademik halollikni ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish va ilg‘or tajribalarni joriy etishga xizmat qiladi.