Ilmiy yondashuv amalda: Akademiya mahallalarda profilaktika samaradorligini oshirmoqda

Ilmiy yondashuv amalda: Akademiya mahallalarda profilaktika samaradorligini oshirmoqda

Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan «ilmiy xulosa – tavsiya – natija» tamoyili asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur faoliyat doirasida Akademiya ishchi guruhlari tomonidan biriktirilgan mahallalarda kriminogen vaziyat kompleks tahlil qilinib, huquqbuzarliklarning asosiy sabab va shart-sharoitlari, shuningdek, mavjud ijtimoiy-maishiy muammolar o‘rganilmoqda. Ayniqsa, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlaridagi “qizil” toifadagi mahallalarga chiqishlar amalga oshirilib, jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish masalalari ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari B.B.Valiyev rahbarligidagi Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlarida o‘rganish ishlari olib borildi.

Jumladan, shtab a’zolari tomonidan Olmaliq shahrining “Hamza” mahallasiga tashrif buyurilib, “mahalla yettiligi” vakillari bilan manzilli muloqotlar tashkil etildi. Unda Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko tomonidan hududdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, ayniqsa xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan individual ishlash samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan taqdimot qilindi.

Taqdimotda so‘nggi uch yil davomida sodir etilgan jinoyatlar chuqur tahlil qilinib, huquqbuzarliklarning asosiy sabablari, ularni bartaraf etish yo‘llari hamda profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan ishlash mexanizmlari o‘rganilgani qayd etildi. Shuningdek, mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilash, profilaktik ishlarni kuchaytirish va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha manzilli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Jumladan, bozor va savdo hududlarida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha nazoratni kuchaytirish hamda tegishli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Shu bilan birga, Olmaliq shahrining “A.Navoiy”, “M.Ulug‘bek”, “Temur Malik” va “Hamza” mahallalarida “mahalla yettiligi” a’zolari bilan suhbatlar o‘tkazilib, jinoyatlarning oldini olish va aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha takliflar ishlab chiqildi.

Akademiya mutaxassislari tomonidan tayyorlanayotgan xulosa va tavsiyalar mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, jamoat tartibini saqlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Telegram Facebook