Global ilmiy resurslarga kirish – sifatli tadqiqotlar poydevori: Akademiya magistrlarning tadqiqot kompetensiyalarini rivojlantirmoqda

Global ilmiy resurslarga kirish – sifatli tadqiqotlar poydevori: Akademiya magistrlarning tadqiqot kompetensiyalarini rivojlantirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida magistratura tinglovchilari uchun milliy va xalqaro elektron axborot resurslari bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan maxsus trening tashkil etildi.

Tadbir O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilib, ta’lim oluvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati sifatini oshirish va akademik tayyorgarligini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar doirasida tashkil etildi.

Trening davomida ishtirokchilar Milliy kutubxona tomonidan taqdim etilayotgan elektron resurslar hamda xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalaridan samarali foydalanish imkoniyatlari bilan batafsil tanishdilar. Ushbu resurslar orqali zamonaviy ilmiy tadqiqotlar natijalari, tahliliy materiallar va dolzarb ilmiy ma’lumotlarga keng kirish imkoniyatlari yaratilgani ta’kidlandi.

Xususan, ProQuest platformasi imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilib, u orqali dunyodagi eng yirik to‘liq matnli dissertatsiyalar bazasidan foydalanish, ilmiy axborotni izlash, saralash va tahlil qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi.

Bunday treninglar magistrlarning akademik manbalar bilan ishlash kompetensiyalarini mustahkamlash, ilmiy tadqiqot ishlari sifatini oshirish hamda ularning xalqaro ilmiy-ta’lim makoniga integratsiyalashuvini kengaytirishga xizmat qiladi.

Telegram Facebook