O‘zbekiston Respublikasi-Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar doirasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ruknida navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda Markaz direktori, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) A.U.Xalilov hamda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining 3-bosqich talabalari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida sud ekspertizalarining jinoyatlarni ochish, haqiqatni aniqlash va adolatni ta’minlashdagi hal qiluvchi o‘rni, sohadagi zamonaviy yondashuvlar, ilmiy-amaliy faoliyat hamda kadrlar tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Talabalarga sud eksperti faoliyatining o‘ziga xos jihatlari, amaliy ko‘nikmalar va kasbiy mas’uliyat haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Sud ekspertizalari jinoyat ishlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona tergov qilishda, dalillarni ilmiy asosda tahlil etishda hamda haqiqatni aniqlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Bugungi kunda sud-ekspertlik faoliyati nafaqat jinoyat ishlarida, balki fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarda ham muhim ahamiyat kasb etayotgani, bu esa sud qarorlarining qonuniy va asosli bo‘lishini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniga ega bo‘lib, ularga batafsil javoblar berildi.